Prezident O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lish jarayoni bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi

Yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan JSTga aʼzo bo‘lish jarayonini jadallashtirish hamda uni sifatli va tizimli tashkil etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-may kuni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish jarayoni va uni jadallashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan JSTga aʼzo bo‘lish jarayonini jadallashtirish hamda uni sifatli va tizimli tashkil etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Unga ko‘ra, 2025-yilda qolgan 9 ta mamlakat bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash, Ishchi guruhining 2 ta yig‘ilishini o‘tkazish hamda Ishchi guruhning hisobot loyihasini yakunlash orqali O‘zbekistonning JST doirasidagi majburiyatlarini to‘liq shakllantirish vazifalari aniq belgilab berildi.

Shuningdek, qonunchilikni tashkilot talablariga moslashtirish doirasida 15 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish jarayonini jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi. Jumladan, “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”, “Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari to‘g‘risida" yangi tahrirdagi qonunlarni qabul qilishni tezlashtirish hamda bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan yaqindan va samarali hamkorlikni taʼminlash Prezident tomonidan muhim vazifa sifatida belgilab berildi.

Texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya sohalarini isloh qilish, ushbu yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash sifatini oshirish kerakligi alohida qayd etib o‘tildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling