"Portugaliya faqat Ronaldudan iborat emas" – Fabio Kannavaro

Italiya mutaxassis Portugaliyaning futbol falsafasini o‘rganishga harakat qilganini aytdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Portugaliyaga qarshi o‘tadigan o‘yindan avval matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Raqibimiz Jahon chempionatidagi eng kuchli jamoalardan biri hisoblanadi. Agar Portugaliya jamoasini tahlil qilib ko‘rsangiz, ularning qanotlarda juda kuchli futbolchilari bor, dunyoning eng yaxshi yarim himoya chiziqlaridan biriga ega, shuningdek futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchilaridan biri ham shu jamoada o‘ynaydi.

Shunday ekan, bu oson o‘yin bo‘lmaydi. Lekin biz Jahon chempionatidamiz, jamoa sifatida harakat va mehnat qilishimiz zarur. Chunki ijobiy natija bilan maydonni tark etishning yagona yo‘li shu", – dedi u.

Italiya mutaxassis Portugaliyaning futbol falsafasini o‘rganishga harakat qilganini aytdi. 

"Ular doimo to‘p nazorati orqali o‘yinni boshqarishni yoqtiradi. Shuningdek, uchrashuvni juda faol boshlashga intilishlarini ham bilamiz. Chunki imkon qadar tezroq o‘yinni o‘z foydasiga burishni, himoyani yorib o‘tishni istashadi", – deydi Fabio.

Kannavaro shundan kelib chiqib jamoa ham bunga tayyorgarlik ko‘rganini aytdi. 

"O‘z rejamiz va strategiyamiz bor va maydonda aynan o‘z o‘yinimizni namoyish etishga harakat qilamiz. Futbol shunday o‘yin. Biz juda kuchli jamoaga qarshi maydonga tushayotganimizni bilamiz, ammo avval ham aytganimdek, biz bundan qo‘rqmaymiz. Qo‘limizdan kelgan eng yaxshi o‘yinni ko‘rsatishga va uchrashuv oxirigacha kurashishga harakat qilamiz", – deydi O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyi.

Kannavaro jamoa faqat Krishtianuga qarshi o‘ynamasligini, u futbol tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biriligini aytdi.

"Biroq Portugaliya faqat Ronaldudan iborat emas. Ularning asosiy tarkibida ham, zaxirasida ham juda ko‘p yuqori saviyali futbolchilar bor. Shunga qaramay, jarima maydonida Ronalduni bir lahzaga ham e‘tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. 

U standart vaziyatlarda ham, o‘yin davomida ham istalgan payt gol urishga qodir. Shu bois butun o‘yin davomida maksimal darajada diqqatli bo‘lishimiz kerak", – degan italiyalik murabbiy.

Fabio o‘z so‘zida jamoaga kelganidan buyon asosiy e‘tibor futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilashga qaratilganini taʼkidladi. 

"Ayrim futbolchilar turli chempionatlarda o‘ynagan, ba‘zilarida esa ma‘lum muammolar mavjud edi. Shunga qaramay, so‘nggi o‘yin davomida futbolchilarning holati yaxshi ekanini ko‘rdim. Jamoa uchrashuvni yuqori tempda yakunladi va barcha o‘zini yaxshi his qildi", – deydi Kannavaro.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling