Urganch shahar prokuraturasi tergovchisi qamoqqa olindi

U fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tergovda tugatib berish evaziga 3000 dollar talab qilgan.

Urganch shahar prokuraturasi tergovchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi DXX.

U mansab mavqeidan foydalanib, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan mahalliy fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilib, o‘zining hamkasbi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishini ayblov xulosasi bilan sudga yuborilmasdan, tergovda tugatib berish evaziga 3000 dollar talab qiladi.

Natijada katta tergovchi 16-28 may oralig‘ida 1000 dollar, 10 mln so‘m, qiymati 1000 dollarga teng bo‘lgan 1 dona seyf va 1 mln 300 ming so‘mlik 1 dona ish stoli jamlanmasini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritadi.

Ammo, fuqaro o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyati ishi dastlabki tergovda tugatilmasdan, ayblov xulosasi bilan sudga yuborilganligini bilgach, tergovchidan muqaddam berilgan pul mablag‘lari va ashyolarni qaytarib berishini talab qiladi.

Shundan so‘ng, tergovchi pul va ashyolarni fuqaroga qaytarib bergan vaqtida ushlandi.

Hozirda tergovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling