Kattaqo‘rg‘on Davlat o‘rmon xo‘jaligi o‘rmon fondi hududining ma‘lum qismi yoqib yuborildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Holat Samarqand viloyati ekologiya boshqarmasi, tuman hokimligi, prokuratura va mas‘ullar ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
Natijada o‘rmon xo‘jaligi hududining 10,5 gektar maydonida yong‘in bo‘lganligi hamda 7,4 gektar yer maydoni yong‘indan zararlangani ma‘lum bo‘ldi.
O‘rganish davomida yong‘in sodir bo‘lgan 10,5 gektar yer maydonidagi manzarali daraxtlar xatlovdan o‘tkazildi. Natijada 7,4 gektar yer maydonidagi 116 tup jiyda, 5 tup tol hamda 49 580 tup yulg‘un butalari shikastlanganligi aniqlandi.
Tabiatga jami 1 milliard 884 million 675 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Hujjatlar holatga qonuniy baho berish uchun prokuratura organlariga taqdim etildi.