O‘zbekistonliklar uchun Xitoyga vizasiz rejim 1-iyundan joriy qilinadi

Agar fuqarolar 30 kundan ortiq qolishlari kerak bo‘lsa, ular kirish vizasini oldindan olishlari lozim.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim (Chendu, 2024-yil 1-dekabr) kuchga kirishi uchun davlat ichki protseduralari tugallandi.

Ko‘rsatilgan xalqaro shartnomaning qoidalariga binoan, Bitim 2025-yil 1-iyundan kuchga kiradi.

Bitim O‘zbekiston va Xitoy fuqarolarining ikki davlat hududiga o‘zaro vizasiz safarlariga doir masalalarni tartibga soladi.

Bitimga muvofiq, Tomonlar davlatlari fuqarolari ikki davlat hududlariga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun har bir alohida bo‘lish muddati 30 kundan oshmaydigan muddatda va har qanday 180 kunlik davr ichida jami 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda viza talablaridan ozod qilinadi.

Bunda Tomonlarning davlatlari hududiga har bir kirish va bo‘lish muddati 30kundan oshmasligi lozim.

Agar fuqarolar 30 kundan ortiq qolishlari kerak bo‘lsa, ular kirish vizasini oldindan olishlari lozim.

Vizasiz rejim mehnat faoliyati, o‘qish va media faoliyati bilan shug‘ullanish, shuningdek, boshqa Tomon vakolatli organlarining oldindan roziligini talab qiladigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ko‘rsatilgan Bitim XXRning Gongkong va Makao maxsus maʼmuriy hududlariga tashrif buyurishga nisbatan amal qilmaydi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling