Mansabdor shaxslar tomonidan jamiyat va davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazilgani aniqlandi, deb xabar berdi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.
Maʼlum qilinishicha, “Kogon yog‘ ekstraksiya zavodi” AJning sobiq mansabdor shaxslari tomonidan mansab vakolatlarini suiiste‘mol qilish, soxta hujjatlar tayyorlash orqali jamiyat va davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.
2021–2022-yillarda AJ tomonidan "O‘zsanoatqurilish bank” ATB To‘kimachilik BXMdan "aylanma mablag‘larini to‘ldirish" maqsadida jami 30,5 mlrd so‘m kredit olingan. Kredit ta‘minoti sifatida AJga tegishli umumiy maydoni 150 ming 134 kv metr bo‘lgan ma‘muriy va ishlab chiqarish bino-inshootlari 50 mlrd so‘mga baholanib, garovga taqdim etilgan.
Mansabdor shaxslar oldindan o‘zaro til biriktirib, ushbu kredit mablag‘larini olish yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida belgilangan tartibda jamiyatning kuzatuv kengashi a‘zolarining roziligini olmasdan rasmiy hujjatlarga yolg‘on va soxta ma‘lumotlar kiritib, bankga taqdim etib kelgan.
Shuningdek, kredit mablag‘lari ular tomonidan samarasiz ishlatilishi tufayli AJ va bank tizimiga jami 19,6 mlrd so‘mga yaqin zarar yetkazilgan.
Qayd etilgan holatlar bo‘yicha AJning va boshqa mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.