Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

"Tegishli tashkilot va idoralari bilan belgilangan tartibda kelishilmagan". O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi Jaloliddin Ahmadaliyev konserti bo‘yicha izoh berdi

22-sentabr kuni xorijiy fuqarolarning Rossiya migratsiya qonunchiligini buzish holatlarini aniqlashga qarshi reyd o‘tkazildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida Rosgvardiya xodimlari Jaloliddin Ahmadaliyev konsertiga bostirib kirib, u yerdagi shaxslarni xizmat iti bilan tekshirgani haqida xabarlar tarqaldi. 

Holat yuzasidan O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi izoh berdi.

Taʼkidlanishicha, 22-sentabr kuni “Korona” banket zalida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan xorijiy fuqarolarning Rossiya migratsiya qonunchiligini buzish holatlarini aniqlashga qarshi reyd o‘tkazildi.

Krasnoyarsk o‘lkasining vakolatli idoralari ma‘lumotiga ko‘ra, tekshiruv davomida O‘zbekistonning 8 nafar fuqarosi mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgan. Ulardan 4 nafariga nisbatan ma‘muriy jarima va ma‘muriy chiqarib yuborish choralari qo‘llangan, qolgan 4 nafari esa Krasnoyarsk o‘lkasidagi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan.

Novosibirskdagi O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi tezkor tarzda ushbu fuqarolarga zaruriy huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda.

Mazkur fuqarolar ushbu binoda o‘zbek estradasi xonandalaridan biri konsert bergani munosabati bilan bo‘lgan. Mazkur konsert Krasnoyarsk o‘lkasining tegishli tashkilot va idoralari bilan belgilangan tartibda kelishilmagan bo‘lib, aynan shu holat mazkur voqeaga sabab bo‘lgan.

Bosh konsulxonaning qayd etishiicha, ilgari Novosibirsk shahrida o‘tkazilgan xuddi shunday konsert shahar rasmiy hokimiyati bilan oldindan kelishilgan, to‘la zalda o‘tgan va tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan.

Krasnoyarskdagi konsert Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan shaxsiy tartibda tashkil etilgan hamda bunday tadbirlar uchun maxsus jihozlanmagan binoda o‘tkazilgan.

"Shu bilan birga, Bosh konsulxona fikricha, Krasnoyarsk o‘lkasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilayotgan bunday reydlar huquqiy asosga ega bo‘lishi va madaniy hordiq chiqarishga to‘sqinlik qilmasligi lozim", deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling