Bahrayn, Kuvayt va O‘mon fuqarolari uchun O‘zbekistonga 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilanadi

2025-yildan har yili 30-noyabrga qadar kelgusi yil turizmni rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlar ishlab chiqiladi

Prezidentning “2025–2026-yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

2025-yil yakuniga qadar turizm sohasining asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

  • respublika hududlariga 15,8 mln nafar xorijiy turistlarning safarlarini tashkil etish, turizm xizmatlari eksportini 4 mlrd dollarga yetkazish;
  • ichki turizmni rivojlantirish hisobiga 40 mln ta mahalliy sayyohlarning hududlarga safarlarini tashkil etish, qo‘shimcha 378 ta turoperator faoliyatini yo‘lga qo‘yish.

2025-yil 1-iyundan Bahrayn, Kuvayt va O‘mon fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilanadi.

2025-yildan har yili 30-noyabrga qadar kelgusi yil turizmni rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlar ishlab chiqiladi. 2025-yildan har yili noyabr oyining 3-haftasida Xalqaro turizm haftaligi tashkil etiladi.

2025-yil iyun oyidan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturini amalga oshirish uchun har oy 2-haftasining shanba va yakshanba kunlari “Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni” etib belgilanadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling