Nyu-York shahrida 29-aprel kuni O‘zbekiston va Kot-d‘Ivuar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma kommyunike imzolandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Kot-d‘Ivuarning BMTdagi doimiy vakili Tiyemoko Moriko imzoladi.
Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini topish uchun ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shu tariqa, G‘arbiy Afrikada joylashgan Kot-d‘Ivuar O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 160-davlatga aylandi.