Hududlarda urbanistika va arxitektura bo‘yicha kreativ parklar tashkil etiladi

Ularda laboratoriyalar, loyihalash markazlari, kovorking va netvorking maydonlari tashkil etiladi.

Shavkat Mirziyoyev 10–iyun kuni urbanizatsiya va shaharsozlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumini Urbanistika, geodeziya va kadastr texnikumi sifatida qayta tashkil etish taklif qilindi. 

Unda o‘rta bo‘g‘in uchun o‘lchovchi mutaxassislar, kadastr va geodeziya, kompyuter grafikasi dizayn operatorlari hamda kompyuter kadastr dasturlari yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi.

Oliy taʼlim tizimida Toshkent arxitektura-qurilish universitetida “Zamonaviy urbanistika va aglomeratsiyalarni boshqarish” fakultetini ochish rejalashtirilgan.

Barcha hududlarda urbanistika, loyihalashtirish va arxitektura yo‘nalishlarini bir joyda jamlaydigan kreativ parklar tashkil etish ham taklif qilindi. 

Ularda laboratoriyalar, konstruktorlik ustaxonalari, dasturiy taʼminot, loyihalash xizmatlari, onbording, netvorking va kovorking maydonlari tashkil etiladi. 

Kreativ park rezidentlariga jismoniy shaxslar daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar berish ko‘zda tutilmoqda.

Taqdimotda shaharsozlik sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. 

Noqonuniy va ruxsatsiz qurilishlar, qurilish muddatlarining sunʼiy ravishda uzaytirilishi, yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish kabi muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Amaldagi jarimalar taʼsirchan emasligi ko‘rsatib o‘tildi. 2025-yilda 1 952 ta noqonuniy qurilish aniqlangan. Shu munosabat bilan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalarni kuchaytirish taklif qilindi.

Ulushli qurilishni moliyalashtirishning yangi tizimi – eskrou hisobvaraqlari mexanizmi ham muhokama qilindi. 

Bunda xaridorlar mablag‘i vakolatli bankdagi maxsus hisobvaraqda saqlanadi, qurilish ishlari belgilangan shartlar asosida bajarilgandan keyingina quruvchiga o‘tkaziladi.

Eskrou tizimi to‘rt asosiy qoidaga asoslanadi. Birinchidan, eskrou hisobvaraqlariga tushgan mablag‘lar kreditorlarning undiruviga qaratilmaydi. Ikkinchidan, investorlar va quruvchilar faqat vakolatli banklar orqali ishlaydi. 

Uchinchidan, topshirish dalolatnomasi imzolangandan so‘ng mablag‘lar quruvchiga o‘tkaziladi. To‘rtinchidan, shartnoma bekor qilinganda ulushdor mablag‘i to‘liq qaytariladi.

Yangi tizimda “Uy-joy” yagona axborot platformasi muhim o‘rin tutadi. Ushbu platformada barcha qurilish jarayonlari ochiq elektron tarzda yuritiladi, developerlar reytingi, ruxsatnomalar, loyiha va qurilish jarayoni, eskrou hisobvaraqlari va shartnomalar bo‘yicha maʼlumotlar birlashtiriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling