Mart oyida Xitoyning Leapmotor tovar belgili “C16” mashinasida aniqlangan nomuvofiqliklar sababli ularni sertifikatlashga arizalar qabul qilish yuzaga kelgan vaziyat bartaraf qilingunga qadar vaqtincha toʻxtatilgan edi. Holat yuzasidan 7-aprel kuni Gu Jiven boshchiligidagi “Zhejiang Leapmotor Technology Co. LTD” kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiya aʼzolari “OʻzTest”ga tashrif buyurgan.
Kompaniya tomonidan “C16” rusumli 2 ta avtomashina import qilindi hamda 14-aprel kuni Pskentda joylashgan sinov laboratoriyasida qayta sinovlardan oʻtkazildi.
Oʻtkazilgan takroriy sinovlar yakunida “C16” avtomashinasi BMTning 10-son qoidasi talablariga muvofiq topildi.
Shuningdek, Leapmotor kompaniyasiga shartli ravishda mazkur tovar belgili mashinalarni respublikada muomalaga chiqarilishiga ruxsat berildi.
Mazkur shartlar:
1. Leapmotor avtomashinalarining nomuvofiqligi aniqlanganda ularni bartaraf qiluvchi hamda isteʼmolchiga yetkazilgan zararni qoplovchi ishlab chiqaruvchining rasmiy vakili - Oʻzbekistonda rezident hisoblangan yuridik shaxsni belgilash.
2. Respublikaga import qilinayotgan avtomashinalarning turini maʼqullash uchun zarur boʻlgan tegishli hujjatlarni taqdim qilish.
3. Avtomashinalar ishlab chiqarilayotgan korxonalarda ishlab chiqarish jarayonlari va shartlarini oʻrganish va baholash majburiyatlarini ham oʻz zimmasiga oldi.