Milanda 2026-yili O‘zbekiston muzeylarining ko‘rgazmasi tashkil etilishi mumkin

Milanda O‘zbekistonning sanoat va eksport salohiyati ko‘rgazmasini o‘tkazishga kelishib olindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘shma loyihalar portfelini kengaytirish, Italiyaning ilg‘or texnologiyalari va investitsiyalarini O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga yana-da keng jalb qilish muhimligi qayd etildi.

Milan shahrida O‘zbekistonning sanoat va eksport salohiyati ko‘rgazmasini o‘tkazish, savdo uyi ochish va "Uzbek Organic" brendi ostida eksport liniyasini ishga tushirishga kelishib olindi.

Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish maqsadida 2026-yilda Milanda O‘zbekiston muzeylarining ko‘rgazmasini tashkil etish masalasi o‘rganilmoqda.

Gubernator, o‘z navbatida, Lombardiya ishbilarmon doiralarining loyiha va tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun prezidentga samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston hududlari bilan keng ko‘lamli sheriklikni yo‘lga qo‘yishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.

Uchrashuv yakunida davlat rahbari Attilio Fontanaga 2026-yilda Milan shahrida bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda muvaffaqiyatlar tiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling