Maishiy chiqindilarning to‘rtdan birini qayta ishlab 1 trln so‘mlik mahsulot olish rejalashtirilmoqda

Ijtimoiy muassasalar va mahallalarni chiqindi konteynerlari bilan to‘liq taʼminlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqiladi.

Ijtimoiy muassasalar va mahallalarni chiqindi konteynerlari bilan to‘liq taʼminlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqiladi. Bu haqda prezident 14-avgust kuni tanishgan chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimotda so‘z bordi.

Taʼkidlanishicha, oxirgi uch yilda barcha manbalardan sohaga 2 trln so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. O‘tgan yili Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etildi.

Chiqindi korxonalari uchun 1 200 ta yangi texnika olib berildi. Sanitar-tozalash hamda chiqindini qayta ishlash korxonalari uchun foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkalari 1% etib belgilandi. 

Chetdan olib kelinadigan texnika va uskunalar import bojidan ozod qilindi. Natijada 200 ga yaqin sanitar-tozalash va 290 ta chiqindini qayta ishlash korxonalari ochildi.

Taqdimotda mutasaddilar sohadagi loyihalarning borishi va galdagi rejalar haqida axborot berdi.

O‘zbekistonda yiliga 14 mln tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Lekin ularni qayta ishlash darajasi past. So‘nggi yillardagi loyihalar natijasida bu endi 5% ga yetdi.

Chiqindini yoqish orqali energiya ishlab chiqarish loyihalari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xitoylik investorlar 6 ta viloyatda shunday zavodlar qurayapti. Davlat chiqindi utilizatsiyasi uchun ularga to‘lov qilish bilan birga, hosil bo‘lgan energiyani sotib olish bo‘yicha ham majburiyat olayapti.

Yaqinda Toshkent shahrida tibbiyot chiqindisini yoqib, issiqlik oladigan ikkita korxona ishga tushirildi. Yana Samarqandda 2 ta, qolgan hududlarda bittadan shunday zavodlar qurilishi mo‘ljallangan.

Maishiy chiqindilarning to‘rtdan biri qog‘oz, plastik, rezina, shisha, to‘qimachilik qoldiqlariga to‘g‘ri keladi. Ularni qayta ishlab, 1 trn so‘mlik mahsulot olish mumkinligi aytildi. Bundan tashqari, yurtimizda qayta ishlanmaydigan qurilish, kimyo, elektron, texnik va sanoat moylari bo‘yicha katta zaxira borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Chiqindini tashib ketish xizmatlari aholini rozi qiladigan darajada bo‘lishi kerakligi taʼkidlandi. Shu bois mahallaga chiqindi texnikasining kelish vaqti va harakatini onlayn ko‘rish imkoniyatini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Ijtimoiy muassasalar va mahallalarni chiqindi konteynerlari bilan to‘liq taʼminlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqilishi belgilandi. Aholida ekologik madaniyatni bog‘cha va maktabdan boshlab shakllantirish muhimligi taʼkidlandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling