Maktab direktorlari, ularning o‘rinbosarlari va bog‘cha rahbarlarining maoshi oshiriladi

2025-yil 1-sentabrdan boshlab umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlari direktori lavozimining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga oshiriladi

Prezident Maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi farmonni imzoladi. Bu haqda maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova xabar berdi.

Farmon bilan, maktab direktori va uning o‘rinbosarlari hamda maktabgacha taʼlim tashkiloti direktorlari ish haqi miqdorlari oshirilmoqda.

2025-yil 1-sentabrdan boshlab umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlari direktori lavozimining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga, o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkasi 15 foizga oshirilib, bog‘chalar direktorlari lavozimlarining bazaviy tarif stavkalari III va IV guruhdagi umumiy o‘rta taʼlim tashkiloti direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirish orqali oshiriladi. 

Respublikadagi 10 mingdan ortiq maktab direktorlari, 7 mingga yaqin bog‘cha direktorlari hamda 35 mingga yaqin maktab direktor o‘rinbosarlarining ish haqi miqdorlari oshirilishiga erishiladi.

2026-yil 1-yanvardan boshlab umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarining direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan direktor va uning o‘rinbosarlariga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) natijasiga ko‘ra bazaviy tarif stavkalariga nisbatan tegishlicha 20 va 10 foiz miqdorida har oylik ustamalar belgilanadi.

Tuman bo‘limlarida qo‘shimcha shtatlar ajratilyapti va bu o‘quvchilar bilimini baholashni monitoring qilish, o‘quvchilarga xorijiy til va kasbga o‘rgatish vazifalarini amalga oshirish uchun tegishli lavozimlarni joriy etish imkoniyati yaratadi.

Hududiy bo‘linmalari xodimlaringning ko‘p yillik xizmati uchun rag‘batlantirish joriy etilmoqda (Vazirlik tizimidagi qariyb 15 ming nafar boshqaruv xodimlariga ko‘p yillik xizmati uchun rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi).

Maktab xodimlari mukofot puli miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 75 foizigacha (amalda 50 foizgacha) miqdorida etib belgilanmoqda.

Yana bir muhim o‘zgarish – avvallari maktablarimizning bo‘sh turgan binolari ijarasidan tushgan mablag‘larning 40 foizigina o‘sha maktabda qolardi. Endilikda ushbu mablag‘larning 75 foizi o‘sha maktab rivojiga sarflanadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling