Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

Maktab maslahatchisining oyligi direktor o‘rinbosarining maoshiga tenglashtiriladi

Menejerlik sertifikatiga ega maktab maslahatchilari maoshiga har oylik 30 foiz miqdorida qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.

Prezidentning “Maktabdan tashqari taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilar tashkil etiladi:

  • “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi hamda Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi negizida Respublika “Kelajak” markazi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman “Barkamol avlod” bolalar maktablari negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tuman “Kelajak” markazlari;
  • Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlari “Kelajak” markazlari huzurida bolalar sayyohlik bazalari.

“Kelajak” markazlarining umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarida vertikal tizimini joriy etish maqsadida o‘quvchilar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy etiladi. 

Maktab maslahatchisi lavozim maoshi umumiy o‘rta taʼlim tashkiloti direktori o‘rinbosari lavozim maoshiga tenglashtiriladi.

2026-yil 1-sentyabrdan menejerlik sertifikatiga ega maktab maslahatchilariga lavozim maoshiga tegishlicha har oylik 30 foiz miqdorida qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.

Qarorga ko‘ra, “Kelajak” markazlariga quyidagilarga ruxsat etiladi:

  • shartnoma asosida malakali mutaxassislar hamda nodavlat o‘quv markazlarini jalb etgan holda to‘garaklar tashkil etish;
  • ota-onalar badali to‘lovini ota-onalar bilan kelishgan holda respublika bo‘yicha belgilangan minimal miqdorlarga nisbatan oshirish.

2026-yil 1-yanvardan “Kelajak” markazlarida o‘qiganlik uchun ota-onalar badali to‘lovining minimal miqdorlari qayta ko‘rib chiqiladi. 

“Kelajak” markazlari kontingent soni bo‘yicha ikkita guruhga ajratiladi. Bunda kontingent soni 600 nafargacha bo‘lgan “Kelajak” markazlari – II guruhga, 601 nafar va undan ortiq bo‘lganda – I guruhga tegishli hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) “Kelajak” markazlari faoliyati quyidagicha tashkil etiladi:

  • markazlardagi to‘garaklar faoliyati zamonaviy va yagona dastur asosida tegishli yo‘nalishlarga bosqichma-bosqich ixtisoslashtiriladi;
  • inklyuziv to‘garaklarga jalb qilingan pedagoglarga mehnatning alohida sharoitlari uchun lavozim maoshining 30 foizi miqdorida har oyda ustama haq to‘lanadi.
telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling