Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2025-yilning aprel oyidagi yig‘ilishlarida (8 marta) 45 ta masala ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi. Bu haqda MB matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan:
- ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 26 ta masala;
- kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (4 ta);
- yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish (5 ta);
- kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (1 ta);
- banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (1 ta).
Shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a‘zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (15 ta) bilan bog‘liq masalalar ko‘rildi.
Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 19 ta masala – Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me‘yorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari ham muhokama qilindi.
To‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkilotlari tomonidan ustav kapitalining eng kam miqdorini shakllantirilishi hamda tashkiliy-huquqiy shaklini aksiyadorlik jamiyatiga o‘zgartirilishi bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya qilinmaganligi uchun 1 ta to‘lov tizimi operatori va 3 ta to‘lov tashkiloti chora hamda sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Shuningdek, Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar hamda jismoniy shaxslarga bank hisobvaraqlari ochish va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha belgilangan talablar ta‘minlanmaganligi uchun 6 ta bank, 3 ta lombard va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.