Avtomobilni takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda

Senatning uchinchi yalpi majlisida qonun koʻrib chiqildi

Senatning uchinchi yalpi majlisida “Yoʻl harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonun koʻrib chiqildi.

Jinoyat kodeksiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish orqali transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik uchun ham jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda transportda bezorilik, yaʼni ayrim haydovchilar tomonidan boshqarish madaniyatiga rioya qilmay, transport vositasini keskin boshqarish va boshqa harakatlarda ifodalangan “agressiv boshqarish”, “drift”, “shaxmat” shaklida harakatlanish, yoʻllarda toʻsiqlarni paydo qilish kabi qoidabuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.

Qonun bilan jarima ballari hisoblangan yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy jazo qoʻllash kabi javobgarlik belgilanmoqda.

Yoʻl harakati qoidabuzarliklari boʻyicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganda haydovchilik huquqidan mahrum qilishning eng kam miqdori olti oydan kam boʻlmasligi nazarda tutilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling