Oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan davlat buyurtmasi Maxsus platforma orqali shakllantiriladi

Platforma iqtisodiyot tarmoqlarida rasman band boʻlgan aholi soni kiritib boriladi

Hukumatning “Oliy maʼlumotli kadrlarga davlat buyurtmasini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga koʻra, oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan davlat buyurtmasi Maxsus elektron platforma (Platforma) orqali shakllantiriladi. 2025/2026 oʻquv yilidan:

  • oliy maʼlumotli kadrlarga davlat buyurtmasi Platformada jamlangan maʼlumotlar va mehnat bozori talabini tahlil qilish asosida aniqlanadi;
  • kadrlarga boʻlgan ehtiyoj 4 yillik davrga ishlab chiqilib, har yili mehnat bozorining oʻzgarish tendensiyalari, hududlarda ijtimoiy soha muassasalari va iqtisodiyot tarmoqlarini kadrlar bilan taʼminlashni inobatga olgan holda, Platformaga tegishli tuzatishlar kiritib boriladi.

Platformaga quyidagi maʼlumotlar kiritib boriladi, jumladan:

  • iqtisodiyot tarmoqlarida rasman band boʻlgan aholi soni;
  • davlat va nodavlat OTMlari bitiruvchilarining oʻqishni tamomlagandan soʻng rasman bandligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
  • mehnat resurslari balansi, mehnat bozorida mavjud boʻsh ish oʻrinlari, iqtisodiy faoliyat turlari boʻyicha bandlik darajasi haqida;
  • “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish (NEMIS)” axborot tizimida mavjud bitiruvchilar va OTMlar toʻgʻrisida;

Nizom quyidagilarni nazarda tutadi:

  • davlat buyurtmasini shakllantirishda maʼlumotlarni jamlash, qayta ishlash va buyurtmani yuqori turuvchi organlarga taqdim etish;
  • ish beruvchilarning oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojini aniqlash tartibi;
  • iqtisodiyot tarmoqlarini mutanosib rivojlantirib borish maqsadida davlat buyurtmasini shakllantirishda ustuvorlik beriladigan yoʻnalishlarni aniqlash.

2025-yildan 4 yillik davr uchun davlat buyurtmasi parametrlarini oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan talab prognoziga muvofiq ravishda tasdiqlash uchun taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga har yili 1-mayga qadar kiritish taʼminlanadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling