Toshkentda voyaga yetmagan haydovchi avtoturargohda ikki piyodani urib yubordi

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani, Yangi O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan avtoturargohlarning birida 2024-yilning 7-noyabr kuni soat taxminan 13:00 larda YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Haydovchi voyaga yetmagan 2008 yilda tug‘ilgan S.P. Mercedes Benz rusumli, davlat raqam belgisi 01 Q 555 BB bo‘lgan avtomashinada harakatlanib, 2 nafar piyodani (2003 yilda tug‘ilgan J.S. va 2006 yilda tug‘ilgan Sh.E.) urib yuborgan.

Natijada jabrlanuvchilar shifoxonaga olib borilgan. Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasiga ko‘ra, fuqaro Sh.E. ning holati og‘irlik darajasi bo‘yicha yengil tan jarohati, fuqaro J.S. esa “og‘ir” tan jarohati deb baholangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, tegishli tartibda sudga yuborish chorasi ko‘rilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling