Meva-sabzavot mahsulotlarini realizatsiyaga chiqaradigan ayrim tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi

2027-yil 1-aprelgacha dukkakli mahsulotlarni ekish, yigʻib olish va saralash uskunalari importi uchun bojxona bojining 1 foizlik stavkasi qoʻllanadi

Prezidentning “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish hamda qayta ishlash zanjirini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga koʻra, 2025–2026-yillarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini oshirish hamda qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:

  • 2025-yilda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini jami 3,5 milliard dollarga yetkazish;
  • 2025-yil yakunigacha 8 ta davlatga yangi 30 turdagi mahsulotlar eksporti uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini olish;
  • istiqbolli bozorlarga 2025-yilda 442 million dollar, 2026-yilda 575 million dollar miqdoridagi meva-sabzavot mahsulotlari eksportini taʼminlash;
  • 2025-yilda hududlarda jami 2,1 million tonna meva-sabzavot mahsulotlari uchun qadoqlar ishlab chiqarish boʻyicha 40,5 million dollar miqdoridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish.

2028-yil 1-yanvargacha meva-sabzavot mahsulotlarini zamonaviy qadoqlarda realizatsiyaga chiqaradigan hamda quyidagi barcha shartlarga bir vaqtning oʻzida javob beradigan tadbirkorlar uchun foyda soligʻi va oʻzlarining xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan ijtimoiy soliq stavkalari 1 foiz etib belgilanadi:

  • har oyda har bir xodimga ish haqi miqdori mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 2 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda hisoblanganda;
  • zamonaviy qadoqlangan meva-sabzavot mahsulotlarini soliq davrida realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushum jami tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadning kamida 50 foizini tashkil etganda;
  • 2027-yil 1-aprelgacha dukkakli mahsulotlarni ekish, yigʻib olish va saralash uskunalari importi uchun bojxona bojining 1 foizlik stavkasi qoʻllanadi.
telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling