O‘zbekistonda Milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi tashkil qilinadi

Faqat milliy mahsulotlar sotiladigan “Mall of Uzbekistan” yirik savdo markazlari ishga tushiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda Milliy brendlarni ko‘paytirish, mavjudlarini xalqaro darajaga olib chiqish bo‘yicha ham yangi tizim joriy qilinishi belgilandi. Milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi tashkil qilinadi. Ushbu kompaniya:

  • xorijdan brend-menejer, dizayner, marketolog, piar-menejerlarni olib keladi;
  • xalqaro sertifikati bor, sifati yuqori va tashqi bozorda raqobatbardosh bo‘lgan kamida 50 ta milliy mahsulotni tanlab oladi;
  • ularga sifat belgisini berib, brendini dunyoga tanitish uchun katta targ‘ibot kampaniyasini boshlaydi.

Bugungi kunda mamlakatda tayyor kiyim kechak, charm-attorlik mahsulotlari va poyabzal ishlab chiqaradigan 4 mingdan ziyod korxona bor. Lekin ularni aholiga tanitib, keng tanlov imkonini beradigan, milliy mahsulotlar bir joyda sotiladigan savdo markazlari yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, faqat milliy mahsulotlar sotiladigan “Mall of Uzbekistan” yirik savdo markazlari ishga tushiriladi. Bu yerdagi savdo do‘konlari tadbirkorlarga minimal narxda ijaraga beriladi. Ishchilarining 15 foizi ehtiyojmand oiladan bo‘lgan to‘qimachilik va charm-poyabzal korxonalariga foyda solig‘i 2 foiz, ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilangan.

Endilikda to‘qimachilik va charm korxonalariga ehtiyojmand odamlarni ishga olish bo‘yicha 15 foizli meʼyor 2 barobar kamaytiriladi. Bundan buyon imtiyoz olish uchun korxonada ehtiyojmand odamlar bilan birga nogironligi bor ishchilar ham hisobga olinadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling