Milliy statistika qo'mitasi tashkil etiladi

2025-yil yakunigacha “Hududlar statistikasi” axborot tizimi ishga tushiriladi

Prezidentning “Statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko'ra, Prezident huzuridagi Statistika agentligi Milliy statistika qo'mitasi sifatida qayta tashkil etiladi. Statistika ishlari samaradorligini yanada oshirishning quyidagi ustuvor yo'nalishlari belgilandi, jumladan:

  • makroiqtisodiyot va tarmoqlar darajasida statistik kuzatuv o'tkazish tizimini hamda ularning metodologiyasini xalqaro standart va tavsiyalarga muvofiq takomillashtirib borish;
  • integrasiya jarayonlarini kengaytirish orqali statistik hisobotlarni qisqartirish va biznesga hisobot topshirish yukini kamaytirib borish;
  • “mahalladan – respublikagacha” tamoyili bo'yicha statistik ko'rsatkichlarni shakllantirish tizimini yaratish orqali ma'lumotlarning ishonchliligini ta'minlash.

2025-yil yakunigacha “Hududlar statistikasi” axborot tizimi ishga tushiriladi.

2025-yil yakuni bo'yicha hisobot davridan boshlab  xodimlar soni yillik o'rtacha 5 kishidan kam bo'lgan va yillik tushumi BHMning 2 000 barobarigacha bo'lgan mikrofirma va kichik korxonalar uchun yillik statistika hisobotini topshirish majburiyatini bekor qilib, har uch yilda bir marotaba statistik hisobot topshirilishi belgilandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling