Samarqandda “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti boʻlib oʻtadi

Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashadilar

Samarqand shahrida 3-4-aprel kunlari “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti boʻlib oʻtadi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Oʻzbekiston prezidenti raisligida oʻtadigan sammit ishida Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen, Qozogʻiston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ishtirok etadi.

“Kelajakka sarmoya kiritish” shiori ostida oʻtkaziladigan tadbirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Yevropa investitsiya banki rahbarlari ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlar va amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqiladi.

Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va tovar ayirboshlashni koʻpaytirish, innovatsiyalar, “yashil” energetika, togʻ-kon, qishloq xoʻjaligi, transport, logistika va raqamlashtirish sohalarida qoʻshma dastur va kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, madaniyat, turizm, fan, taʼlim va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda faol almashinuvlarni davom ettirish masalalari diqqat markazida boʻladi.

Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashadilar.

Dasturga muvofiq, Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari va Yevropa Ittifoqining asosiy institutlari rahbarlari 4-aprel kuni oʻz ishini boshlaydigan Samarqand xalqaro iqlim forumining yalpi majlisida ishtirok etadi.

Bundan tashqari, sammit doirasida Oʻzbekiston prezidenti xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazishi koʻzda tutilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling