MobiUz 351 mln dollarga sotildi

Xususiylashtirish jarayoni yakuni bo‘yicha JVR Enterprises LLC ishtirokidagi konsorsium taklifi g‘olib deb topildi.

Universal Mobile Systems MChJ (MobiUz) ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini sotish bo‘yicha xalqaro ochiq savdo jarayonlari o‘tkazildi. 

Savdo jarayonida AQSh, Yaponiya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Yevropa hamda Kavkazorti mintaqalaridan 15 dan ziyod (aksariyati xorijiy) investor ishtirok etdi. Bunda, 10 nafar ishtirokchi tomonidan dastlabki narx takliflari taqdim etildi.

Talabgorlarga konsultantlar tomonidan xalqaro standartlar asosida tayyorlangan kompleks moliyaviy va yuridik tahliliy maʼlumotlar (due diligence) taqdim etildi.

6 nafar ishtirokchi tomonidan MobiUz‘ni sotib olish bo‘yicha majburiyatga ega bo‘lgan qatʼiy takliflar (Binding Offer) qabul qilindi.

Xususiylashtirish jarayoni yakuni bo‘yicha Davlat aktivlari agentligi tomonidan AQShning McKim and Company kompaniyasi boshchiligidagi moliyaviy investorlar va sohaviy texnologik hamkor JVR Enterprises LLC (DBA – JVR Capital Group) ishtirokidagi konsorsium taklifi g‘olib deb topildi. 

Ushbu taklifga muvofiq, MobiUz kompaniyasining qiymati 351 mln dollar darajasida baholangan bo‘lib, shuningdek telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga 500 mln dollargacha investitsiya kiritish rejalashtirilgan.

Bitimni yakunlash uchun tegishli tartibga soluvchi organlarning zarur ruxsatnomalarini olish, shuningdek belgilangan korporativ va huquqiy tartib-taomillarni bajarish talab etiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling