Tadbirkorlar tomonidan moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyati kengaytiriladi

Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi

Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Maʼlum qilinishicha, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, rezidentlar oʻrtasidagi valyuta operatsiyalariga mijozning (kreditorning) kontragenti norezident boʻlgan taqdirda, kredit tashkilotlari tomonidan pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash operatsiyalari amalga oshirilayotganda yoʻl qoʻyilishi belgilandi. Ilgani bunday norma mavjud emas edi.

“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi qonunga Markaziy bank, kredit tashkiloti boʻlmagan shaxslar tomonidan tashkil etilgan elektron faktoring platformalarining axborot tizimlari xavfsizligiga, kiberxavfsizligiga va ularni IT-auditdan oʻtkazishga doir talablarni belgilash hamda mazkur talablarning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish kabi vakolatlarni belgilovchi qoʻshimcha kiritildi.

Shuningdek, Markaziy bankning ichki auditorlik xizmati oʻz faoliyatida Markaziy bank boshqaruviga va Auditorlik qoʻmitasiga hisobdorligi belgilandi. Ilgari faqat Auditorlik qoʻmitasiga hisobdor boʻlgan.

Markaziy bank quyidagilar uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishi nazarda tutilmoqda:

  • kafolatlar berish tashkiloti faoliyatini amalga oshirishga;
  • faktoring tashkiloti faoliyatini amalga oshirishga.

Quyidagi faoliyat (harakatlar) turlarini amalga oshirish uchun bu haqda Markaziy bankni xabardor qilish talabi belgilandi:

  • faktoring tashkilotining filialini ochish yoki yopish;
  • jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan tegishincha yaqin qarindoshlari hamda ular bilan bogʻliq boʻlgan shaxslar bilan birgalikda harakat qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek norezidentlar tomonidan bir yoki bir nechta bitim natijasida nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) 10 foizdan 20 foizgacha tashkil etadigan ulushini bevosita yoki bilvosita olish.
telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling