Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

Nodir G‘aniyev O‘zbekistonning Monakodagi elchisi etib tayinlandi

U 7-oktyabr kuni Knyaz Albert II ga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Nodir G‘aniyev O‘zbekistonning Monako Knyazligiga yangi tayinlangan birinchi elchisi (qarorgohi Parij shahrida joylashgan) bo‘ldi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, Nodir G‘aniyev 7-oktyabr kuni Knyaz Albert II ga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Tantanali marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida Albert II O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning borishini yuqori baholadi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga sodiqligi bilan tanilgan Monako Knyazi O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energetika bo‘yicha yirik loyihalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirib, yashil iqtisodiyotga o‘tish borasidagi saʼy-harakatlarni va 2030-yilgacha qayta tiklanadigan energiya manbalaridan elektr energiyasining 54-foizini ishlab chiqarish kabi ulkan maqsadni eʼtirof etdi.

Monako Knyazi O‘zbekistonni joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida Samarqand shahri YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga mezbonlik qilishi bilan samimiy tabrikladi. U mazkur nufuzli tadbir O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatga ochiqligi, tashqi siyosiy faoliyatining yorqin ifodasi ekanini alohida taʼkidladi.

O‘zbekiston elchisi, o‘z navbatida, O‘zbekiston-Monako munosabatlarini yana-da rivojlantirish uchun barcha saʼy-harakatlarini amalga oshirishini bildirdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling