Prezident Shavkat Mirziyoyev Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning taklifiga binoan 24–25-iyun kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Ulan-Bator shahrida oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston bilan Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi do‘stlik va amaliy hamkorlik munosabatlarini yana-da rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Tovar ayirboshlash hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, sanoat tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi, konchilik, transport sohalari va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish eʼtibor markazida bo‘ladi.
Sammit yakunida kelishuvlar to‘plami qabul qilinishi kutilmoqda.