Birlashgan Arab Amirliklari hududiga kirishda O‘zbekiston fuqarolari qiyinchiliklarga duch kelmoqda. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, xalqaro aeroportlarda uzoq davom etgan tekshiruvlar tufayli fuqarolarning ushbu aeroportlarda uzoq vaqt qolib ketayotgani haqida qator murojaatlar kelib tushgan.
O‘zbekistonning BAAdagi diplomatik vakolatxonalarimiz tomonidan ushbu holatlarni hal qilish maqsadida faol choralar ko‘rilmoqda. Diplomatlar doimiy ravishda vaziyatni monitoring qilib, BAAning immigratsion va boshqa tegishli idoralari vakillari bilan uzluksiz muzokaralar olib bormoqda.
Ushbu muzokaralar fuqarolarning mamlakat hududiga imkon qadar tezroq va muammosiz kirishini ta‘minlashga qaratilgan bo‘lib, masalani joyida hal qilish uchun barcha sa‘y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, aeroportlarda yuzaga kelayotgan kechikishlar va tekshiruvlarning sabablari aniqlanmoqda, bu esa masalaning kelib chiqish ildizlarini tushunish va kelajakda bunday holatlarni oldini olishga yordam beradi.
Fuqarolarga imkon qadar qulaylik yaratish maqsadida Abu-Dabi shahridagi elchixona va Dubay shahridagi Bosh konsulxona vakillari doimiy ravishda mahalliy aeroportlarda bo‘lib, fuqarolarga ko‘mak bermoqda.