Namangan viloyatida “Namangan” maxsus eksport zonasi tashkil etiladi

Maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatish muddatiga oid cheklovlar bekor qilinadi

Prezidentning “Maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, 2025 yilda maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:

  • maxsus iqtisodiy zonalarda 2,3 mlrd dollar miqdoridagi investitsiyalarni o‘zlashtirish, eksport hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish, ishlab chiqarish hajmini 4,3 mlrd dollarga teng miqdorda taʼminlash va 12 mingta yangi doimiy ish o‘rinlarini yaratish;
  • sanoat zonalarida 800 mln dollar miqdoridagi investitsiyalarni o‘zlashtirish, eksport hajmini 512,2 mln dollarga yetkazish, ishlab chiqarish hajmini 1,8 mlrd dollarga teng miqdorda taʼminlash va 17 mingta yangi doimiy ish o‘rinlarini yaratish.

Yangi barpo etiladigan ixtisoslashtirilgan zonalar faqat maxsus iqtisodiy zona yoki sanoat zonasi shaklida tashkil etiladi.

Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyati bo‘yicha faqat eksportga yo‘naltirilgan loyihalarga ixtisoslashgan, maydoni o‘ralgan maxsus eksport zonasi turida ham tashkil etilishi mumkin.

Maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatish muddatiga oid cheklovlar bekor qilinadi.

Farmonga ko‘ra, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi maxsus iqtisodiy zonalarni boshqarish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi hamda xususiy boshqaruvga berilgan maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Sanoat zonalari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan boshqariladi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan ularning faoliyati muvofiqlashtiriladi.

Namangan viloyatida “Namangan” maxsus eksport zonasi tashkil etiladi.

2025-yil 1-iyundan maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksportga realizatsiya qilish uchun foydalanadigan import xomashyo, material va butlovchi qismlarni bojxona to‘lovlarini to‘lamagan holda “tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga joylashtirish orqali ularni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2028-yil 1-yanvargacha maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari direksiyalari yer solig‘i bo‘yicha hisoblangan summaning bir foizi miqdorida ular tomonidan ijaraga berilgan yer maydonlari uchun to‘lovni amalga oshirishi belgilandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling