Ikkita viloyatda 2,1 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan novvoyxona va issiqxonalar aniqlandi

Holatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda

Namangan va Samarqand viloyatlarida yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq holatlarni fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Namangan shahrida fuqaro Z.R. o‘zining yashash xonadonida novvoyxona tashkil etib, tabiiy gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, u faoliyati davomida davlat manfaatlariga 362,5 mln so‘mlik zarar yetkazgan.

Shuningdek, Samarqand viloyatining Tayloq tumanidagi “S.Sh“ oilaviy korxonasiga qarashli novvoyxonada ham tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanilgani oqibatida 1,3 mlrd so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilinganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, viloyatning Pastdarg‘om tumanida yashovchi fuqaro A.M. ham o‘z xonadonida noqonuniy issiqxona tashkil qilib, tabiiy gaz tarmog‘iga yashirincha ulangani oqibatida davlat manfaatlariga 462,7 mln so‘mlik zarar yetkazgan.

Hozirgi vaqtda mazkur holatlar bo‘yicha tegishli idoralar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling