Namangan viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi sud tizimidagi tanishlari orqali joriy 8 yilga qamalgan mahkumning ishini sudda qayta ko‘rib chiqish va qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni tayinlash evaziga 30 ming dollar talab qiladi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda bosh mutaxassis oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Namanganda mol-mulklarni baholash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJ rahbari soliq organlaridagi mansabdor tanishlari orqali tadbirkorga tegishli bo‘lgan MCHJning 783 mln so‘mlik soliq qarzdorligini 141 mln so‘mgacha kamaytirib berish evaziga 4400 dollar olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mansabdor tanishi hisoblangan Namangan viloyati soliq boshqarmasi shoʻba boshlig‘i ham 4400 dollarni olgan vaqtida ushlandi.
Toshkentning Mirobod tuman hokimligi Ijtimoiy moslashtirish markazi rahbari fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga fuqarolik pasportini rasmiylashtirish hamda doimiy ro‘yxatga qo‘ydirib berish evaziga 1200 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Bundan tashqari, Majburiy ijro byurosi Qarshi shahar bo‘limi davlat ijrochisi o‘z ish yurituvida bo‘lgan, javobgar fuqaroning qariyb 70 mln so‘mlik qarzdorligini undirish uchun uning avtotransport vositasiga qo‘yilgan taqiqni yechib berish evaziga 1000 dollari talab qiladi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda davlat ijrochisi talab qilingan pul mablag‘ini Qarshi tumanidagi fermer xo‘jalik rahbari vositachiligida olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.