Sifati kafolatlanmagan dori vositalarining savdosiga chek qo‘yish maqsadida Namangan viloyatida tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Jumladan, Kosonsoy tumanida yashovchi 1986-y.t. shaxs davlat reyestridan o‘tmagan, muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagan, Hindistonda ishlab chiqarilgan 2100 dona qutidagi “Ferromed” nomli dori vositasini “shartli” xaridorga 168 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlandi.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadonidan ham 4296 qutidagi “Ferromed” dori vositasi olindi.
Baholash hisobotiga ko‘ra, jami 6396 qutidagi dori vositalarining umumiy qiymati 1 mlrd 223 mln so‘mni tashkil etadi.
Hozirda qonunbuzarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Namangan shahrida dori vositalari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ ombor mudiri va uning 2 nafar tanishiga qarashli 3 ta noturar bino ko‘zdan kechirildi.
Natijada, tegishli hujjatlari bo‘lmagan, taxminiy qiymati 12,8 mlrd so‘mdan ortiq, 2307 turdagi, jami 195 ming 323 dona kontrafakt dori vositalari mavjudligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.
Hozirda ushbu dori vositalariga nisbatan sudga oid kimyoviy, tovarshunoslik ekspertizalari tayinlandi.
Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Boshqa holatda esa Namangan shahri va Uychi tumanidagi 2 ta “yashirin ombor”dan xorijda ishlab chiqarilgan, taxminiy qiymati 1,2 mlrd so‘mlik, 128 turdagi jami 45 641 dona dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.
Sifat sertifikatlariga ega bo‘lmagan ushbu dori vositalarining ayrimlarini yaroqlilik muddati o‘tgan.
Hozirda ushbu dori vositalari ekspertizaga yuborilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.