Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab taʼlimi tizimidagi islohotlar samaradorligini yana-da oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Hozirda 7-11 sinf o‘quvchilari kuniga 8 soatgacha vaqtini telefonda ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotgani maktab direktori va muallimni ham, ota-onalarni ham o‘ylantirishi zarurligi qayd etildi.
Yoki viloyatlarda, ayniqsa, Namanganda o‘quvchilarga avtomobilni ijaraga berish avj olgani oqibatida, har oyda 10-15 nafar yoshlar majruh bo‘lib qolayapti. O‘lim bilan tugayotgan holatlar ham ko‘p.
Ichki ishlar boshliqlari, viloyat, tuman prokurorlari qonun ustuvorligini taʼminlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan bolalarga mashina boshqarishni berganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlash topshirildi.
“Biz maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida katta o‘zgarish qila oldik. Lekin, hali yechimini kutayotgan ko‘plab muammolar bor”, - dedi davlat rahbari.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga butun tizimi bilan “favqulodda to‘qson kunlik” tartibida ishlashga o‘tish topshirildi.