Toshkentda QQS bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi, deb xabar berdi DXX.
Muqaddam soliq idoralarida faoliyat yuritgan, hozirda Toshkentdagi transport va logistika xizmatlari ko‘rsatuvchi MCHJda hisobchi bo‘lib ishlayotgan shaxs o‘zining sobiq hamkasblari imkoniyatlari orqali, bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi MCHJga 17 mlrd so‘mlik QQSning manfiy farq summasini qaytarish hamda uning to‘xtatilgan QQS guvohnomasini qayta faollashtirib berish evaziga 35 ming dollar talab qiladi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda, u MCHJ taʼsischisidan 20,5 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Holat yuzasidan hisobchi va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Dastlabki tergov harakatlari davomida u o‘zining qo‘shtirnoq ichidagi xolis yordamini Soliq qo‘mitasining katta inspektori orqali hal qilishi kerakligi aniqlanib, mazkur davlat xizmatchisi ham jinoyat ishiga gumonlanuvchi sifatida jalb etildi.