Sardor Rustamboyev O‘zbekistonning Nepaldagi birinchi elchisi etib tayinlandi

Elchi ushbu mamlakat prezidenti Ramchandra Paudelga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Sardor Rustamboyev O‘zbekistonning Nepaldagi birinchi elchisi (qarorgohi Dehli shahrida) bo‘ldi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Elchi ushbu mamlakat prezidenti Ramchandra Paudelga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Nepal rahbari O‘zbekistonning birinchi elchisi tayinlangani uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Toshkent bilan ko‘p qirrali aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Uchrashuv davomida tomonlar ikki tomonlama kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalarni muhokama qildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi. Nepal tomoni gidroenergetika, turizm va taʼlim kabi sohalarda o‘zaro aloqalar uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Prezident Ramchandra Paudel, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish muhimligini qayd etdi. U global iqlim o‘zgarishi va tog‘lar ekologiyasi kabi dolzarb masalalar bo‘yicha birgalikda ishlashga bo‘lgan o‘zaro qiziqishga eʼtibor qaratdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling