Prezidentning “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmonga ko‘ra, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti negizida Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etiladi. Universitet respublikada pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi oliy taʼlim tashkiloti etib belgilandi.
2025/2026-o‘quv yilidan:
- Universitetning boshqaruv tizimi “Yangi O‘zbekiston” universiteti tajribasi asosida tubdan takomillashtiriladi;
- Universitetning mavjud 14 ta fakulteti maqbullashtirilib, 6 ta pedagogika oliy maktablari tashkil etiladi;
- akademik faoliyat raqamlashtirilgan boshqarish tizimi (Learning management system) orqali yo‘lga qo‘yiladi hamda “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi;
- Universitetning bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga 1-kursdan xalqaro taʼlim dasturlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Farmonga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yilidan pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha:
- pedagog kadrlarni tayyorlash faqat kunduzgi va kechki taʼlim shakli bo‘yicha tashkil etilib, sirtqi taʼlim shakliga qabul amalga oshirilmaydi;
- oliy pedagogik taʼlim yo‘nalishida nodavlat taʼlim xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xulosasi asosida amalga oshiriladi.
2025/2026-o‘quv yilidan xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda Universitetning xalqaro taʼlim dasturlari joriy etilgan taʼlim yo‘nalishlarida dars berish uchun professor-o‘qituvchilarni tanlab olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
2026/2027-o‘quv yilidan alohida taʼlim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini yana-da takomillashtirish maqsadida “Gospital pedagogika” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
2026-yil 1-sentyabrdan respublikadagi mavjud pedagogika texnikumlarining o‘quv jarayoniga xalqaro taʼlim dasturlari bosqichma-bosqich joriy qilinadi.