Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni nodavlat taʼlim xizmatlari tizimini takomillashtirish, oliy va kasbiy taʼlimda sifatni oshirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Nodavlat taʼlim tashkilotlarida qabul parametrlari, taʼlim dasturlari, o‘quv jarayonlari hamda ilmiy salohiyatni sifat jihatidan yaxshilash, ularni zamonaviy mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish eng asosiy masalalardan biridir.
Shu bois taqdimotda nodavlat taʼlim xizmatlarini ko‘rsatishni tartibga solish, litsenziyalash tizimini takomillashtirish hamda davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish bo‘yicha yangi tizimni joriy etishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.
Bu borada ilg‘or xorijiy tajribalar asosida ikki bosqichli litsenziyalash tizimiga o‘tish, taʼlim dasturlarini maxsus akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda har besh yilda kompleks davlat akkreditatsiyasini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, taqdimotda rivojlangan davlatlarning eng ilg‘or tajribasidan kelib chiqqan holda, taʼlim sifatini tashqi baholash bilan shug‘ullanuvchi alohida mustaqil tuzilma tashkil etish hamda sifat nazoratining shaffof, xolis va adolatli tizimini joriy qilish tashabbusi ham ilgari surildi.
Taʼlim sifatini taʼminlash va tashqi baholashning joriy etilishi kasbiy va oliy taʼlim muassasalarida o‘qitish samaradorligi va ilmiy salohiyatni oshirib, ularning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.