Avtomashinalarni nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish xarajatlari qoplab beriladi

Xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 30 baravarigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi. 

Hukumat qarori bilan “Avtotransport vositalarini nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish xarajatlarini qoplash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish”ning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Reglamentga ko‘ra, avtotransport vositalarini nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 30 baravarigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi. 

Bunda xarajatlar 2024-yil 1-oktyabrgacha shahar, shahar atrofi, shaharlararo avtobusda yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini biriktirish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lib, ushbu yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatgan tadbirkorlarning har bir avtobusi uchun qoplanadi.

Shuningdek, 2024-yil 1-noyabrdan I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘z nomiga rasmiylashtirilgan va shaxsiy foydalanuvida bo‘lgan 1 ta avtotransport vositasi uchun amalga oshiriladi.

Avtotransport vositalarini quyidagilar bilan jihozlash uni nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish deb eʼtirof etiladi:

tadbirkorlarning avtobuslari uchun:

  • yig‘ma pandus (1 dona);
  • audio va vizual axborot beruvchi monitor (1 dona);
  • axborot beruvchi kolonka (ko‘pi bilan 3 ta);
  • maʼlumotlarni uzatuvchi mikrofon (1 dona);
  • aloqa tugmasi;
  • bekatlar haqida axborot olish imkonini beruvchi maʼlumotlar taxtasi bilan jihozlash (1 dona);

I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning shaxsiy avtotransport vositalari uchun:

  • gaz va tormoz pedalini qo‘l boshqaruviga o‘tkazish;
  • mexanik uzatish qutisini avtomat uzatish qutisi qilib qayta jihozlash xarajatlari.

Ariza beruvchilar avtotransport vositasi talablarga moslashtirilgan vaqtdan eʼtiboran 90 kun ichida “Inson” markazlariga yoki “Yagona” milliy ijtimoiy himoya" axborot tizimi yoxud YAIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qilishi lozim.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling