Adliya vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Tayinlovga qadar Toshkent shahar adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatgan

Prezidentning tegishli qarori bilan Nuʼmon Muxammadiyev adliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Nuʼmon Muxammadiyev 1982-yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan. Maʼlumoti oliy, huquqshunos, 1-darajali adliya maslahatchisi. 2003-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2004-yilda Adliya vazirligi Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi katta maslahatchi lavozimida boshlagan. Keyinchalik mazkur boshqarmada yetakchi va bosh maslahatchi bo‘lgan. 2009–2013-yillarda Toshkent shahar adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyatini davom ettirgan.

2016–2023-yillarda Adliya vazirligi tizimida turli lavozimlarda ishlagan. Shu jumladan, Adliya vazirligi Davlat xizmatlari ko‘rsatishni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi, Prezident hujjatlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i hamda Davlat xizmatlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

Tayinlovga qadar (2023-yildan) Toshkent shahar adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling