Telegram orqali giyohvandlik vositalari savdosini amalga oshiruvchi narkodo‘konning 5 nafar aʼzosi ushlandi

Hozirda ularning barchasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi

Ohangaronda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Yangihayot tumanida ijara asosida yashab kelayotgan, Telegram orqali giyohvandlik vositalari savdosini amalga oshiruvchi narkodo‘konning 5 nafar aʼzosi qo‘lga olindi.

Ular 400 gr “Alfa-PVP” sintetik narkotik moddasini 0,3 grammdan qadoqlagan holda Andijon viloyatidagi mijozlarga yetkazish maqsadida olib ketayotganliklari maʼlum bo‘ldi.

Qo‘lga olingan shaxslarning ko‘rsatmasi asosida, ular tomonidan Andijon viloyatidagi 53 ta xufiya joyga joylashtirilgan har biri 0,3 grammdan bo‘lgan “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur narkodo‘kon operatori vazifasini bajaruvchi, Andijon viloyatining Izboskan tumanida yashovchi, 2003 y.t. shaxs Yangihayot tumani hududida ushlanib, unga tegishli avtomashinaning yukxonasi va salon qismidan 986 gr “gashish” moddasi hamda 7 kg “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi olindi. 

Narkoguruh aʼzolari mamlakatga kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan giyohvandlik vositalarini Toshkent shahri hamda Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand, Buxoro viloyatlarida sotish bilan shug‘ullangan.

Hozirda ularning barchasiga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling