Abdulla Aripov Qirgʻiziston bosh vaziri bilan uchrashuv oʻtkazdi

Savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika sohalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi

Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining Olmaotaga tashrifi doirasida 31-yanvar kuni Abdulla Aripov Qirgʻiziston Vazirlar Mahkamasi raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliyev bilan ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazdi.

Mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari va yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani, muhim qoʻshma loyihalar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov ikki mamlakat hukumatlari zimmasiga oʻzaro munosabatlarni yanada rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab bergan. Uchrashuvda mazkur vazifalarni amalga oshirishda yaqin hamkorlik qilish alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlarni izchil roʻyobga chiqarish masalalari koʻrib chiqildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling