Toshkent shahrining Olmazor tumani prokuraturasi tergovchisi pora bilan ushlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Toshkentda gul yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi MCHJning muqaddam prokuratura organlarida ishlagan va sudlangan yuristi savdo-sotiq sohasiga ixtisoslashgan MCHJ mansabdor xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Olmazor tumani prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llamaslik masalasini mazkur tuman prokuraturasi mansabdor shaxslari orqali hal qilib berish evaziga 30 ming dollar talab qilib, shundan 20 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.
MCHJ yuristining avtomashinasida Olmazor tumani prokuraturasi tergovchisi undan ushbu pul mablag‘ini pora sifatida olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda prokuratura tergovchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan, MCHJ yuristiga nisbatan esa Jinoyat Kodeksining 212-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Namangan viloyati Chortoq tumani prokurorining katta yordamchisi 2400 dollar olgan vaqtida ushlandi.
![](/storage/uploads/thumbnails/0-1736577441-ogabek-post-material-large.webp)
U tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi shifokori 5 nafar fuqaroga nogironlik nafaqasini belgilashda soxta hujjatlar tayyorlab berganligi yuzasidan taqdim qilingan materiallarni o‘rganib chiqib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rmaslik evaziga 3 ming dollar talab qilgan.
Ammo, u so‘ralgan pul mablag‘idan 2400 dollarni olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.