Toshkent shahri bo‘yicha 5-noyabr kuni chiqindi xizmatlaridan yuzaga kelgan qariyb 2,23 mlrd so‘m debitor qarzdorlik uchun jami 25 121 ta abonent ogohlantirildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi xabar berdi.
Ushbu ogohlantirish yuborilganidan keyin 5 kun ichida qarzdorlikni bartaraf etmagan 6 mingta abonentning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyatiga bugundan vaqtincha cheklov joriy etildi.
Ayni paytda Toshkent shahri kesimida chiqindi xizmatlaridan jami 582 mln so‘mdan ortiq debitor qarzdorlik mavjud.
Mazkur cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilanoq darhol yechiladi.
Maʼlumot uchun, mazkur tartib 2025-yil 30-iyungacha bo‘lgan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi. 2025-yilning 1-iyulidan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun joriy yilning 5-noyabridan boshlab qo‘llanilmoqda. Sanitar tozalash korxonalari chiqindi to‘lovlarini hisoblashda aniqlik va haqqoniylik uchun javobgar hisoblanadi.
Tartib dekabrdan boshlab respublikaning qolgan hududlarida ham joriy etiladi.