Andijondagi maktab oldida nomaʻlum shaxs bolalarga shubhali konfet berib ketayotgani haqidagi xabarlarga izoh berildi

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlardagi maktabda oʻquvchilarga nomaʼlum tarkibdagi konfet tarqatilayotganligi haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani izoh berdi.

IIV tomonidan aniqlanishicha, Andijon viloyati, Oltinkoʻl tumanidagi umumtalim maktabining 3-sinf oʻquvchisi X.M. (2015-yilda tugʻilgan oʻgʻil bola) mazkur hududda joylashgan savdo doʻkonidan 1.000 soʻmga 3 dona “STRAWBERRY” nomli konfetni sotib olgan, soʻng maktabga kelgan vaqtida sinfdoshi O.A. undan shirinlikni qayerdan olganligini soʻraganda, unga goʻyoki notanish shaxs berib ketganligini oʻylab topib yolgʻon aytgan.

Maktab hamshirasi O.A. bolani gapidan xulosa qilib, ijtimoiy tarmoqlarga maktab atrofida “STRAWBERRY” nomli shubhali konfetni maktab oʻquvchilariga nomaʼlum shaxslar berganligi haqidagi haqqoniy boʻlmagan xabarni tarqatgan.

Shuningdek, konfet isteʼmoli oqibatida bola nobud boʻlganligi toʻgʻrisidagi xabar ham mutlaqo haqiqatga zid.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda, konfetning tarkibida inson sogʻligʻiga zararli moddalar bor yoki yoʻqligini aniqlash maqsadida sud-kimyoviy ekspertiza tayinlangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling