Qonun bilan Jinoyat kodeksiga oʻzgartirish kiritildi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.
Qonun bilan Jinoyat kodeksining 244-moddasiga ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida oʻquvdan oʻtganlik hamda ushbu faoliyatni moliyalashtirganlik uchun javobgarlikni belgilovchi oʻzgartirish kiritish nazarda tutilmoqda.
Qonunga koʻra, shaxsning ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida oʻquvdan oʻtishi, shu jumladan ommaviy tartibsizliklarni sodir etish bilimini, amaliy mahoratini va koʻnikmalarini egallashi, oʻquv chogʻida qurol-yarogʻ, portlatish qurilmalari, portlovchi, zaharlovchi, atrofdagilar uchun xavf tugʻdiradigan boshqa moddalar va buyumlar bilan muomala qilish usullarini oʻrganishi -
BHMning 300 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Shuningdek, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs, agar u oʻquvdan oʻtganligi toʻgʻrisida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, sodir etilgan jinoyatni fosh qilishga yoki bunday oʻquvdan oʻtgan, oʻquvni amalga oshirgan, tashkil etgan yoxud moliyalashtirgan boshqa shaxslarni, shuningdek oʻquv oʻtkazilgan joyni aniqlashga faol koʻmaklashsa va agar uning harakatlarida jinoyatning boshqa tarkibi mavjud boʻlmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi belgilandi.
Ushbu qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.