O‘monda tutqunlikda saqlangan o‘zbekistonlik ayol va uning bolalari vatanga qaytarildi

Oila 18-iyun kuni Masqat shahridagi xalqaro aeroportdan O‘zbekistonga kuzatib qo‘yildi.

O‘monda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.  

O‘zbekiston elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, O‘monda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqaro I.S. murojaat qilib, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bilan vatanga qaytishida yordam so‘rab murojaat qilgan.

Murojaatda qayd etilishicha, u 2019-yildan buyon O‘monning al-Bureymi shahrida, asli kelib chiqishi eronlik bo‘lgan, lekin hech bir davlat fuqaroligiga ega bo‘lmagan, Ali ismli shaxs bilan sharʼiy nikoh asosida birga yashab kelgan. I.S. sharʼiy eridan 2020-yilda va 2022-yilda farzandlarni dunyoga keltirgan. 

Oila boshlig‘ining hech qanday hujjatga ega emasligi va qonuniy nikoh shartnomasining yo‘qligi sababli farzandlarga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarni rasmiylashtirish ham yillar davomida ortga surilib kelgan.

Shuningdek, oiladagi kelishmovchilik, noqonuniy erning farzandlarga nisbatan tez-tez kuch ishlatish holatlari va ularni al-Bureymi shahridagi xonadonda tutqinlikda saqlash holatlari sabab ayol O‘zbekiston elchixonasiga yordam so‘rab ariza yozgan.

Arizada qayd etilgan holatlar batafsil o‘rganilganidan so‘ng, 19-may kuni elchixona xodimlari al-Bureymi shahridagi I.S. ushlab turilgan xonadonga tashrif buyurdi. Diplomatlar ko‘magida ona va uning ikki nafar voyaga yetmagan bolalar Masqat shahriga olib kelindi hamda vaqtincha yashash uchun joy bilan taʼminlandi.

Shundan so‘ng, elchixona konsullik bo‘limi tomonidan O‘mon tegishli davlat idoralariga murojaatlar qilinib, I.S.ning voyaga yetmagan farzandlariga tug‘ilganlik haqidagi va O‘zbekistonga qaytish uchun guvohnomalar rasmiylashtirildi. Mazkur oilaning O‘zbekistonga qaytishi uchun aviachiptalar xarid qilindi.

Oila 18-iyun kuni Masqat shahridagi xalqaro aeroportdan O‘zbekistonga kuzatib qo‘yildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling