Maktabgacha va maktab ta‘limi vaziri pedogoglarga murojaat bilan chiqdi

Ushbu murojaat shu kunlarda davom etayotgan “Tashabbusli byudjet” loyihalari uchun ovoz yig‘ishga oid

Maktabgacha va maktab ta‘limi vaziri Hilola Umarova pedogoglarga murojaat qildi. Ushbu murojaat shu kunlarda davom etayotgan “Tashabbusli byudjet” loyihalari uchun ovoz yig‘ishga oid.

Vazirning yozishicha, oxirgi yillarda maktab o‘qituvchilari, maktabgacha taʼlim tizimi xodimlarini o‘z faoliyatidan boshqa ishlarga jalb qilish, ortiqcha va asossiz yig‘di-yig‘dilarga qarshi kurashilyapti, bu masalada murojaatlar soni avvalgilariga nisbatan ancha kamaygan.

Lekin tizimda baʼzan jamoaga noto‘g‘ri talablar qo‘yayotgan, turli maqsadlar uchun mablag‘ yig‘ish topshiriqlarini berayotgan, bir so‘z bilan aytganda hamon eskicha fikrlayotgan masʼullar ham uchrab turibdi.

“Yaqinda Quva tumanidagi maktablarning birida o‘qituvchilarning oylik maoshidan “open byudjet”da ovoz yig‘ish uchun 700 ming so‘mdan ushlab qolishni talab qilgan direktor bilan mehnat shartnomasini bekor qildik.

Bugun “Tashabbusli byudjet” loyihalari uchun ovoz berish bosqichi boshlandi. Bu loyiha qisqa muddatda ochiqlik, fuqarolarning byudjet jarayonida ishtirokini oshirishga xizmat qilishi bilan eʼtiborga tushdi. Bu ijobiy islohotlarga o‘qituvchi, taʼlim xodimlarini majburiy ovoz berishga jalb etish, ular maoshidan pul yig‘ishlar bilan soya solmaylik.

Yana bir bor eslatmoqchiman, pedagoglarni ularning vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish, turli maqsadlar uchun mablag‘ yig‘ish kabi holatlar bilan hech qachon murosa qilmaymiz.

Hurmatli pedagoglar agar siz shu kabi holatlarga duch kelsangiz vazirlikka murojaat qiling, biz har bir holatni o‘rganamiz, o‘qituvchi va MTT xodimlari manfaatini himoya qilamiz!”, deb yozadi Hilola Umarova.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling