Samarqandda o‘tkazilgan ikkita reyd davomida ham tabiatga katta miqdorda zarar yetkazilgan qonunbuzarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Xususan, Qoradaryo daryosining Samarqand viloyatidan oqib o‘tuvchi, Oqdaryo tumaniga tutash qismida bir guruh fuqarolar tomonidan tungi soat 02:00 da noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olinayotganligi va holat joyiga yaqin tosh maydalash syexiga olib borilayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Natijada tabiatga 118 milliard so‘m zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, 1 dona ekskavator va 2 ta yuk tashuvchi transport vositalari jarima maydoniga joylashtirildi.
Bundan tashqari, Zarafshon daryosining Samarqand viloyatidan oqib o‘tuvchi, Toyloq tumaniga tutash qismida ham bir guruh fuqarolar tomonidan tungi soat 04:30 da Zarafshon daryosidan noqonuniy ravishda Zarafshon milliy tabiat bog‘i hududidan 7 ta ekskavator va 25-30 ta yuk tashuvchi transport vositalaridan foydalangan holda qum-shag‘al qazib olinayotganligi hamda tosh maydalash syexlariga olib borilayotganligi aniqlandi.
Bu qonunbuzarlik natijasida tabiatga yetkazilgan zarar 708 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Holat bo‘yicha barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, 1 dona ekskavator va 3 dona yuk tashuvchi transport vositalari tegishli tartibda jarima maydoniga joylashtirildi.
Dastlabki o‘rganishlar davomida aniqlanishicha, Zarafshon milliy tabiat bog‘i hududida noqonuniy qazish ishlari doimiy ravishda olib borilganligi sababli bog‘ hududida 7 gektar yashil maydon yo‘q bo‘lib ketgan.
Holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar tegishli chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling