DXX va IIV tuzilmalari 362 ta massajxona, mehmonxona va tungi klublarda reydlar oʻtkazdi

Aniqlangan holatlar boʻyicha qoʻzgʻatilgan 155 ta jinoyat ishlari doirasida 159 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortildi

DXX va IIV tuzilmalari tomonidan 8-9-fevral kunlari mamlakat miqyosida “Oriat” keng koʻlamli tadbirlari oʻtkazildi.

Axloq va sogʻliqqa qarshi qaratilgan jinoyatlarni aniqlash, OIV (OITS), teri-tanosil hamda boshqa turdagi yuqumli kasalliklarni aholi orasida tarqalishining oldini olish maqsadida saunalar, SPA salonlar, massajxonalar, karaoke barlar, mehmonxonalar, xostellar va tungi klublar kabi jami 362 ta maskanlarda 506 ta reyd tadbirlari oʻtkazildi.

Tekshirilgan obyektlarda aholi salomatligiga xavf solishi mumkin boʻlgan jami 2469 nafar shaxslar bilan tushuntirish ishlari olib borildi va ularning 968 nafari mobil tarzda shifokor koʻrigidan oʻtkazilib, tegishli tibbiy xulosalar olindi.

Aniqlangan holatlar boʻyicha qoʻzgʻatilgan 155 ta jinoyat ishlari doirasida 159 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortildi. 437 nafar shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilib, 1236 nafar shaxslar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi hamda ularning 624 nafari rasmiy ogohlantirildi.

Keng koʻlamli tadbirlar doirasida 2005-yilda tugʻilgan ayol OITSga qarshi kurashish markazida roʻyxatda turib, boshqa shaxslar bilan tartibsiz jinsiy aloqa qilgan taqdirda, Jinoyat kodeksining 113-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirilishiga qaramasdan 5 nafar shaxs bilan jinsiy aloqa qilganligi aniqlandi. U turli miqdordagi pul evaziga xizmat koʻrsatib, ushbu shaxslarni OIV infeksiyasi yuqishi xavfi ostida qoldirganligi uchun Jinoyat kodeksining 113-moddasi tartibida xujjatlar rasmiylashtirildi.

Xorazm viloyatida oʻtkazilgan reyd tadbirlari davomida Yangibozor tumanidagi tungi klub ish boshqaruvchisi boʻlgan 2004-yilda tugʻilgan shaxs klubda mijozlarga giyohvandlik vositalarini sotish bilan shugʻullanib kelayotganligi aniqlandi. Hodisa joyidan giyohvandlik vositasi, 2 dona bita, 2 dona pichoq va 1 dona elektroshoker ashyoviy dalil sifatida olindi.

1986-yilda tugʻilgan shaxs esa 2 nafar jinoiy sheriklari bilan birga Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi xonadonda sintetik giyohvandlik vositasini igna orqali qabul qilib, “bangixona” tashkil etganligi aniqlangan. Oʻtkazilgan shaxsiy tintuvlar jarayonida ulardan birining yonida qora rangli paketga oʻralgan sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling