Shavkat Mirziyoyev OTB prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tafsilotlar

O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirish doirasida hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. 

Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kando boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat avvalida OTB rahbari mamlakat yetakchisini strategik sheriklikning 30 yilligi hamda 2025-2026-yillarda bankning Boshqaruvchilar kengashiga raislik O‘zbekistonga o‘tgani bilan tabrikladi. 

O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirish doirasida keng ko‘lamli hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. 

OTB Boshqaruvchilar kengashining 2026-yil may oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e‘tibor qaratildi.

O‘zbekiston prezidenti bo‘lajak tadbir doirasida OTB bilan Kengaytirilgan strategik sheriklik dasturini imzolash, unda infratuzilmani rivojlantirish, texnik va muhandislik kadrlarini tayyorlash, xotin-qizlar va yoshlarni yangi kasblarga o‘qitish, kambag‘allikni qisqartirish, ipoteka bozori va xususiy sektorni rivojlantirish masalalariga alohida e‘tibor qaratish tashabbusini ilgari surdi. 

Bankning yirik milliy va mintaqaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida transport, energetika va savdo loyihalarini ilgari surishda faol ishtirok etishi muhim ekani ta‘kidlandi. 

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling